Jizzaxda tadbirkor va bank xodimlariga Kompaniyaning moliyaviy yordamlari haqida maʼlumot berildi
Joriy yilning 3-iyun kuni O‘zbekiston Markaziy banki hamda “Tadbirkorlikni rivojlantirish kompaniyasi” AJ hamkorligida Jizzax shahrida mikromoliya tashkilotlari, tijorat banklari vakillari hamda tadbirkorlar uchun amaliy seminar bo‘lib o‘tdi.
Uchrashuvda Markaziy bank Mikromoliya bozori ishtirokchilari faoliyatini muvofiqlashtirish va nazorat qilish departamenti rahbari Farrux Botirov, “Tadbirkorlikni rivojlantirish kompaniyasi” Hududlar bilan ishlash boshqarmasi boshlig‘i Ozodjon Sagdiyev hamda Jizzax shahrida joylashgan mikromoliya tashkilotlari rahbarlari, tijorat banklari vakillari va tadbirkorlar ishtirok etdi.
Seminar davomida “Tadbirkorlikni rivojlantirish kompaniyasi” vakili mikromoliya tashkilotlari, kichik va o‘rta tadbirkorlik subyektlarini moliyaviy qo‘llab-quvvatlashning yangi mexanizmlari bo‘yicha taqdimot qildi.
Xususan, 2023-yilning yilning 10-noyabridagi Prezident Farmoni bilan “Tadbirkorlik faoliyatini qo‘llab-quvvatlash davlat jamg‘armasi” “Tadbirkorlikni rivojlantirish kompaniyasi” AJ shaklida qayta tashkil etilganligi va Kompaniya tomonidan 2024-yil 1-martdan boshlab mikromoliya tashkilotlari, kichik va o‘rta tadbirkorlik subyektlariga ulush kiritish, xizmatlar ipotekasi, milliy va xorijiy valyutada moliyaviy resurslar joylashtirish, kafillik va kompensatsiya ajratish kabi yordamlarni taqdim etish yo‘lga qo‘yilgani haqida maʼlumot berildi.
Amaliy seminar savol-javoblarga boy bo‘ldi, tadbir ishtirokchilari o‘zlarini qiziqtirgan savollarga mutasaddilardan atroflicha javob olishdi.
«Tadbirkorlikni rivojlantirish kompaniyasi» AJ
Axborot xizmati