Yashirin iqtisodiyotni qisqartirish va korrupsiyaning oldini olish masalalari muhokama qilindi
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 27-iyul kuni yashirin iqtisodiyotni qisqartirish bo‘yicha olib borilayotgan ishlar muhokamasi yuzasidan yig‘ilish o‘tkazdi.
Mamlakatimizda yashirin iqtisodiyot darajasi yuqori. Shu bois keyingi yillarda biznesga qo‘shimcha qulayliklar yaratish orqali yashirin iqtisodiyot ulushini kamaytirish choralari ko‘rilmoqda. Xususan, valyuta bozori erkinlashtirildi, yangi soliq tizimi joriy etildi, 100 ga yaqin ruxsat berish va litsenziyalash qoidalari qisqartirildi. Bularning natijasida oxirgi 5 yilda sanoatda norasmiy sektor ulushi 20 foizdan 6 foizga tushgan.
Yig‘ilishda bu boradagi ishlar yetarli emasligi qayd etilib, galdagi vazifalar muhokama qilindi. Xalqaro tashkilotlar ekspertlarini jalb qilgan holda, yashirin iqtisodiyotni qisqartirish bo‘yicha strategiya ishlab chiqish topshirig‘i berildi.
Davlat rahbari yashirin iqtisodiyotga qarshi kurashishda ehtiyot bo‘lish, iqtisodiy faollikka zarar yetkazib qo‘ymaslik, buning uchun davlat organlari, biznes va jamoatchilik hamjihatlikda ishlashi muhimligini ta’kidladi.
Soliq islohotlarini izchil davom ettirib, yashirin iqtisodiyotga yo‘l qo‘ymaydigan tizim joriy etish vazifasi qo‘yildi. “Insofli soliq to‘lovchi” tizimini shakllantirib, shu yil yakuniga qadar Toshkent shahrida namuna sifatida amalga oshirishga ko‘rsatma berildi.
Davlat xaridlari va investitsiya loyihalarida korrupsiyaga chek qo‘yish masalasiga alohida e’tibor qaratildi. Moliya vazirligiga bu borada shaffoflikni ta’minlash, jamoat nazorati va raqobatni kuchaytirish maqsadida Davlat xaridlari axborot portalini ishga tushirish topshirildi.
Endilikda har bir investitsiya loyihasi korrupsiyaga qarshi ekspertizadan o‘tkazilishi belgilandi. 2021 yildan boshlab ushbu tizim markazlashgan mablag‘lar hisobiga amalga oshiriladigan barcha loyihalarga tatbiq etiladi.
Davlat organlarida ham yashirin iqtisodiyot va korrupsiyaga qarshi muvofiqlik tizimi joriy etilmoqda. Xususan, Qurilish, Sog‘liqni saqlash hamda Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirliklarida, “O‘zbekneftgaz” va “O‘zkimyosanoat” aksiyadorlik jamiyatlarida bu borada ishlar boshlangan. Yil yakunigacha yana 14 ta tashkilotda va davlat ulushiga ega 10 ta bankda ushbu tizimni joriy etish vazifasi qo‘yildi.
Sohalar va yo‘nalishlar kesimida korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha “yo‘l xaritalari” ishlab chiqish hamda ijrosini muhokama qilib borish yuzasidan topshiriqlar berildi.
Shuningdek, davlat organlari, korxonalar va hududlarda korrupsiya va yashirin iqtisodiyot reyting metodikasi ishlab chiqilishi belgilandi. 2021-yildan boshlab ushbu reyting natijalari e’lon qilib boriladi, shu asosida barcha rahbarlarning shaxsiy mas’uliyati baholanadi.
Yig‘ilishda bojxona va soliq tizimiga doir masalalar ham ko‘rib chiqildi. Inson omiliga chek qo‘yish orqali kontrabanda va mahsulotlarning bojxona qiymatini sun’iy pasaytirish holatlari ustidan bojxona nazoratini kuchaytirish lozimligi ta’kidlandi.
Davlat bojxona qo‘mitasi va Davlat soliq qo‘mitasiga import tovarlarining kirib kelishi, bojxonadan o‘tkazilishi va sotilishi bo‘yicha yagona bazani ishga tushirish bo‘yicha topshiriqlar berildi. Shuningdek, 2021-yil 1-yanvardan “Bojxona auditi” axborot tizimini joriy etish vazifasi belgilandi.
Prezidentimiz yashirin iqtisodiyotni qisqartirish uchun odamlarning legal ishlashiga ko‘maklashish, ularni manfaatdor qilish kerakligini ta’kidladi.
Masalan, o‘zini o‘zi band qilish tizimi soddalashtirilgani natijasida iyul oyining o‘zida 184 ming fuqaro rasmiy sektorda ish yurita boshladi.
Lekin, qurilish, savdo va umumiy ovqatlanish, transport va boshqa xizmat ko‘rsatish sohalarida norasmiy bandlik darajasi hamon yuqori. Umuman, iqtisodiyotda band bo‘lgan 10,5 million aholining atigi 4,9 millioni daromad solig‘i to‘laydi.
Yig‘ilishda bunday sohalar bo‘yicha manzilli ishlash, norasmiy faoliyat yuritayotgan sub’ektlarni rag‘batlantiruvchi mexanizmlar orqali yashirin iqtisodiyotdan olib chiqish kerakligi aytildi. Savdo, umumiy ovqatlanish, transport va maishiy xizmat ko‘rsatish sohalarida plastik kartalar va boshqa turdagi kontaktsiz to‘lovlarni aylanma daromad solig‘ini hisoblash bazasiga kiritmaslik taklifi bildirildi.
Davlatimiz rahbari kichik biznes sub’ektlari uchun soliq ma’muriyatchiligini soddalashtirish, tadbirkorlik faoliyatiga ruxsat berish va litsenziyalashdagi ortiqcha tartib-taomillarni yanada qisqartirish zarurligini ta’kidladi.
Masalan, 100 ta litsenziya va 34 ta ruxsatnomani qisqartirib, xabardor qilish tartibiga o‘tkazish, yana ko‘plarini soddalashtirish, 14 ta hujjatni berish muddatlarini 2 baravargacha qisqartirish mumkin. Ushbu choralar natijasida tadbirkorlar yiliga 125 milliard so‘m iqtisod qilish imkoniga ega bo‘ladi.
Shuningdek, 43 ta idoraning 270 ta nazorat funksiyasini tanqidiy o‘rganib, yashirin iqtisodiyot va korrupsiyaga sabab bo‘layotgan vakolatlarini qisqartirish bo‘yicha ko‘rsatmalar berildi.
O‘z navbatida, korrupsion va yashirin faoliyatga mukkasidan ketgan noinsof tadbirkorlarga nisbatan javobgarlikni kuchaytirish zarurligi aytildi.
Yashirin iqtisodiyotni tarmoqlar va sohalar bo‘yicha tahlil qilish talab darajasida emasligi ko‘rsatib o‘tildi. Xalqaro ekspertlarni jalb qilgan holda, bir viloyat misolida yashirin iqtisodiyotning statistik hisoboti joriy etilishi belgilandi.
Korrupsiya va yashirin iqtisodiyotga qarshi kurashishda asosiy kuch biznes va jamoatchilikdir. Shu bois jamiyatda bu illatlarga nisbatan nafrat tuyg‘usini shakllantirish, ommaviy axborot vositalari va ijtimoiy tarmoqlar orqali ularning salbiy oqibatlarini yoritib borish muhimligi qayd etildi.
– Yashirin iqtisodiyotga qarshi kurashish tadbirkorlarni jazolash, ularning faoliyatiga to‘sqinlik qilish degani emas. Bu ayniqsa pandemiya davrida katta ahamiyatga ega. Joylarda jamoatchilik nazoratini kuchaytirish orqali mayda korrupsiyaga ham qat’iy choralar ko‘rish zarur, – dedi Shavkat Mirziyoyev.
Yig‘ilishda belgilangan chora-tadbirlar yuzasidan har bir vazirlik va tarmoq oldiga yil yakunida aniq ko‘rsatkichlarga (KPI) erishish vazifasi qo‘yildi.