Kompaniya turizm sohasidagi tadbirkorlarga 146 mlrd so‘mlik moliyaviy yordam ko‘rsatdi
Foto: uzbektourism
Hamkor davlatlar fuqarolari uchun viza rejimi soddalashtirish, sohadagi tadbirkorlarga faoliyatini rivojlantirish uchun qulayliklar yaratish kabi amaliy choralar ortidan O‘zbekistonga tashrif buyuruvchi xorijliklar soni yildan yilga ortib bormoqda.
“O‘zbekiston – 2030” strategiyasida ham tashqi va ichki turizmni rivojlantirish uchun keng sharoitlar yaratish orqali xorijiy sayyohlar sonini 15 mln nafarga yetkazish vazifasi qo‘yilgan.
Raqamlarga eʼtibor qaratsak, O‘zbekistonga 2018-yilda 5,3 mln nafar turist kelgan bo‘lsa, 2023-yilda ushbu raqam 6,6 mln nafarni tashkil etdi, yaʼni 1,24 barobarga o‘sishni ko‘rish mumkin. 2024-yilning 1-sentabr holatiga esa qariyb 3 mln sayyoh mamlakatga tashrif buyurgan.
Buning ortidan esa turizm sohasi yana-da rivojlanib bormoqda. Misol uchun 2023-yilda umumiy qiymati 9,5 trln so‘mlik 508 ta loyiha amalga oshirilgan, natijada 9 492 ta yangi ish o‘rni yaratishga erishildi. 183 ta yangi mehmonxona va 232 ta xostel faoliyati yo‘lga qo‘yilib, jami joylashtirish vositalari soni 5 526 taga yetdi.
Shuningdek, 452 ta oilaviy mehmon uyi tashkil qilinib, ularning umumiy soni 3 458 taga yetdi. Turistlar uchun xizmat ko‘rsatuvchi 810 ta yangi turistik tashkilot va turagentlar faoliyati yo‘lga qo‘yilishi natijasida ularning soni 2 649 taga yetdi.
Eʼtiborlisi, 2018-yildan to 2024-yil 1-sentabrga qadar, “Tadbirkorlikni rivojlantirish kompaniyasi” AJ turizm sohasidagi 304 nafar tadbirkorni qo‘llab-quvvatladi. Ularning 359 ta loyihasiga ajratilgan 798,6 mlrd so‘mlik kreditlar doirasida Kompaniya 146,4 mlrd so‘mlik, shundan 83,9 mlrd so‘m Kafillik hamda 62,5 mlrd so‘mlik Kompensatsiya yordamlarini taqdim etdi.
Turistlarga xizmat ko‘rsatuvchi tadbirkorlar bilan hamkorlik natijasida jami 1 548 ta yangi ish o‘rni yaratishga erishildi.
“Tadbirkorlikni rivojlantirish kompaniyasi” AJ
Axborot xizmati