Tadbirkorlik faoliyatini qo‘llab-quvvatlash davlat jamg‘armasi vakillari «Konstitutsiyaviy islohot jamoatchilik muhokamasida» mavzusi yuzasidan ochiq muloqot bo‘lib o‘tdi
Yangi O‘zbekistonning taraqqiyot strategiyasida belgilangan keng ko‘lamli vazifalar, xalqparvar davlatni barpo etish, inson huquq va manfaatlari, qadr-qimmatini yanada samarali ta’minlash kabi maqsadlar mamlakatimizdagi tub islohotlarga mos yangi konstitutsiyaviy-huquqiy makonni yaratish zaruratini yuzaga keltirmoqda.
O‘tgan davr mobaynida jamiyatimizning siyosiy, iqtisodiy-ijtimoiy va madaniy hayotida tub o‘zgarishlar bo‘ldi. Bu esa Bosh qomusimizda “Yangi O‘zbekiston – ijtimoiy davlat” tamoyillarini mustahkamlash, turli islohotlar jarayonida inson manfaatlari bosh mezon bo‘lishini ta’minlash, xususiy mulk daxlsizligini, yerga egalik qilish huquqini, fuqarolik jamiyati institutlarining o‘rnini konstitutsiyaviy darajaga ko‘tarish, davlat hokimiyati asoslarini takomillashtirish dolzarbligini ko‘rsatmoqda.
Ta’kidlash joizki, xalqimiz tomonidan berilgan takliflar, shuningdek, davlatimiz rahbarining Konstitutsiyaviy komissiya a’zolari bilan uchrashuvda “insonning qadr-qimmati, sha’ni va g‘ururi bundan buyon barcha sohalarda birinchi o‘rinda turishi kerak” degan tamoyil asosida berilgan takliflardan kelib chiqib, “O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasiga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyaviy qonuni loyihasi tayyorlandi hamda muhokama jarayoni davom etmoqda.
Yurtimizda olib borilayotgan konstitutsiyaviy islohotlarda nafaqat olimlar, huquqshunoslar, mutaxassislar, balki fuqarolarning o‘zi ham bevosita ishtirok etmoqda.
Muloqot davomida olib borilayotgan konstitutsiyaviy islohotlarning tub mohiyati, Konstitutsiyaga kiritilishi ko‘zda tutilayotgan o‘zgartirish va qo‘shimchalar, kelgusi davrda keng ko‘lamda olib borilayotgan ijtimoiy-iqtisodiy islohotlarni amalga oshirish jarayonida ijobiy ta’siri to‘g‘risida fikr almashdilar.
Xususan, konstitutsiyaviy tuzatishlar, avvalambor, jamiyatning turli ijtimoiy qatlamlariga mansub bo‘lgan fuqarolarning shaxsiy, ijtimoiy, iqtisodiy, siyosiy, madaniy va ekologik huquqlari hamda manfaatlarini ta’minlashga, himoya qilishga qaratilgan to‘g‘ridan-to‘g‘ri ishlaydigan normalarga aylanishi ta’kidlandi.
Tadbirkorlik faoliyatini qo‘llab-quvvatlash davlat jamg‘armasi
Axborot xizmati