/Yangiliklar/Sanoat sohasida hunarmandchilik yo‘nalishini rivojlantirish maqsadida amalga oshirilgan ishlar to‘g‘risida
08.08.2023 - 17:38 947

Sanoat sohasida hunarmandchilik yo‘nalishini rivojlantirish maqsadida amalga oshirilgan ishlar to‘g‘risida

Sanoat sohasida hunarmandchilik yo‘nalishini rivojlantirish maqsadida amalga oshirilgan ishlar to‘g‘risida

Milliy hunarmandchilik, xalq badiiy va amaliy san’atini rivojlantirish, soha vakillarini har tomonlama qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha amalga oshirilayotgan kompleks chora-tadbirlar natijasida so‘ngi besh yilda mamlakatimizdagi usta hunarmandlar soni 7 barobarga, shogirdlar 9 barobarga ko‘payib, sohada band bo‘lganlar soni 230 ming nafarga yetdi.

Hunarmandlarning xalq amaliy san’ati milliy katalogi yaratilib, faxriy va xalqaro ko‘rgazma hamda tanlovlarda g‘olib bo‘lgan 340 nafar ustalar ushbu katalogdan o‘rin oldi. Shuningdek, 1,5 mingga yaqin hunarmandlar turizm reyestriga kiritilib, ushbu soha rivojiga munosib hissa qo‘shib kelmoqda.

Birgina, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 30.12.2021-yildagi «Hunarmandchilik faoliyatini qo‘llab-quvvatlash tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi PQ-77-son qarori mazkur yo‘nalishni qo‘llab-quvvatlashga misol bo‘la oladi.

Bundan tashqari, Jamg‘arma tomonidan mazkur yo‘nalishni rivojlantirish maqsadida tadbirkorlik subyektlarining jami 595 ta loyihalari ko‘rib chiqildi va ijobiy hulosa berildi. Shuningdek, tijorat banklarining 22,5 mlrd so‘m kreditlari uchun 1,5 mlrd so‘m moliyaviy yordamlar taqdim etildi. Shundan, kompensatsiya yordami – 1,1 mlrd so‘m va kafillik yordami – 0,4 mlrd so‘m. Mazkur loyihalarni amalga oshirish orqali 1 049 ta yangi ish o‘rinlari yaratilishi ko‘zda tutilgan.

Shuningdek, mamlakatimizda tadbirkor ayollarga zarur shart-sharoit yaratilishiga alohida e’tibor qaratilmoqda. Xususan, hunarmandchilik yo‘nalishida faoliyat olib borayotgan tadbirkor ayollar soni 259 nafar (44 foiz)ni tashkil qiladi.

Mamlakatimizda tadbirkor ayollar soni ortib bormoqda. Jamg‘arma tomonidan taqdim etilgan yordamlar yangi ish o‘rinlarini yaratishga, tadbirkor ayollarni rivojlantirishga hissa qo‘shmoqda.

Tadbirkorlik faoliyatini qo‘llab-quvvatlash davlat jamg‘armasi
Axborot xizmati