Fransiya taraqqiyot agentligi vakillari bilan uchrashuv
Joriy yilning 7-aprel kuni O‘zbekiston Respublikasi Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish davlat qo‘mitasida, Fransiya taraqqiyot agentligi (FTA) vakillari boshchiligidagi delegatsiya bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
Unda FTA vakillari, Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish davlat qo‘mitasi huzuridagi FTA ishtirokidagi “Chorvachilik sohasini barqaror rivojlantirishni moliyalashtirish” loyihasini amalga oshirish guruhi rahbari N.Najimov, Grant bo‘yicha koordinatori J.Narqulov va Tadbirkorlik faoliyatini qo‘llab-quvvatlash davlat jamg‘armasi Iqtisodiy tahlil va aktivlarbilan ishlash bo‘limi boshlig‘i K.Radjapov ishtirok etdilar.
Uchrashuvda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 13-yanvardagi FTA ishtirokida “Chorvachilik sohasini barqaror rivojlantirishni moliyalashtirish” loyihasini amalga oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PQ-84-sonli qarori asosan belgilangan vazifalar ijrosi to‘g‘risida ma’lumot almashildi.
Uchrashuv davomida FTA kredit liniyasining “inklyuziv investitsiya” komponenti doirasida subloyihalarga kafillik va kompensatsiya taqdim etish yuzasidan muhokama qildilar.
Shuningdek, mamlakatda chorvachilik mahsulotlarini yetishtirish va qayta ishlash, fermer xo‘jaliklari va qishloq xo‘jaligi moddiy-texnik bazasini mustahkamlash, ishlab chiqarish salohiyatini oshirish, go‘sht mahsuloti hajmini ko‘paytirish va eksportni oshirishga to‘xtalib o‘tdilar.
Bundan tashqari, Jamg‘arma vakillari mazkur loyiha bo‘yicha taqdim etilgan kafillik va kompensatsiya moliyaviy yordamlar miqdori va loyihalar soni bo‘yicha ma’lumot berdilar.
Uchrashuv so‘ngida, tomonlar yuqorida keltirilgan masalalar yuzasidan hamkorlikni kengaytirishga kelishib oldilar.
Tadbirkorlik faoliyatini qo‘llab-quvvatlash davlat jamg‘armasi
Axborot xizmati