Xitoy Eksimbanki vakillari bilan onlayn uchrashuv
Xitoy Eksimbanki (China Exim Bank/The Export-Import Bank of China) va Tadbirkorlik faoliyatini qo‘llab-quvvatlash davlat jamg‘armasi (Jamg‘arma) vakillari o‘rtasida onlayn uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
Uchrashuvda Jamg‘armaning Ijrochi direktori Abbosxon Maxamatov, Xitoy Eksimbanki tomonidan Davlat biznes boshqarmasi bo‘limi boshlig‘i Ye Linjun va boshqalar qatnashdilar.
Ma’lumot uchun: Xitoyning Eksim Banki 1994 yilda tashkil etilgan bo‘lib, Xitoyning eng yirik moliyaviy institutlaridan biri hisoblanadi. Eximbank Xitoy Xalq Respublikasi Davlat Kengashiga bo‘ysunadi. Xitoy qishloq xo‘jaligini rivojlantirish banki va Xitoy taraqqiyot banki bilan birgalikda uchta siyosiy bankidan biri hisoblanadi. Xitoy Eksim bankining asosiy vazifasi Xitoy eksportini moliyalashtirishdan iborat.
Xitoy Eksimbanki va O‘zbekiston o‘rtasidagi hamkorlik 2001 yilda boshlangan. O‘tgan 20-yil davomida ikki tomon o‘rtasidagi hamkorlik muttasil kengayib, samarali natijalarga erishilmoqda. O‘zbekiston Markaziy Osiyoda Bank tomonidan qo‘llab-quvvatlangan eng ko‘p loyihalarga ega davlatga aylandi.
Uchrashuv avvalida Xitoy Eksimbank vakillari bank tomonidan taqdim etiladigan turli hil kredit liniyalar bilan tanishtirib o‘tdilar. Bunda ushbu kredit liniyalarni taqdim etish qoidalari va shartlari muhokama qilindi.
O‘z navbatida, Jamg‘arma vakillari O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining PF-193-son Farmoniga asosan Jamg‘arma “Tadbirkorlikni rivojlantirish kompaniyasi” AJ (Kompaniya) shaklida qayta tashkil etilganligini va Kompaniya tomonidan 2024-yil mart oyidan boshlab taqdim qilinadigan moliyaviy yordam turlari, ularni taqdim etish va ulardan foydalanish masalalariga alohida to‘xtalib o‘tdilar.
Uchrashuv yakunida tomonlar hamkorlik masalalarini muhokama qilgan holda, o‘zaro manfaatli loyihalar bo‘yicha hamkorlikda ishlashga kelishib oldilar.
Tadbirkorlik faoliyatini qo‘llab-quvvatlash davlat jamg‘armasi
Axborot xizmati