Jahon banki hamkorligida “yashil texnologiyalar”ni joriy qilgan tadbirkorlarga ko‘maklashish rejalashtirilmoqda
Joriy yilning 27-may kuni “Tadbirkorlikni rivojlantirish kompaniyasi” aksiyadorlik jamiyatida Jahon banki vakillari bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
Uchrashuvda Loyiha rahbari, G‘aznachilik, kapital bozorlari va investitsiyalar menejeri Migel Navarro, Kompaniya direktori Abbosxon Maxamatov va boshqa mutaxassislar ishtirok etdilar.
Jahon banki vakillari O‘zbekistonda “yashil texnologiyalar” yo‘nalishida tadbirkorlikni rivojlantirish salohiyati haqidagi loyihani taqdim etdilar.
Suhbat davomida tomonlar mamlakatda ishbilarmonlarga yaratilgan imkoniyatlar, “yashil texnologiyalar” bo‘yicha loyihalarni ishlab chiqishdagi muammolar, uning tuzilishi va taqdim etilayotgan rag‘batlar, “yashil texnologiyalar”ga sarmoya kiritishda mikro, kichik va o‘rta biznesni diagnostika qilish vositalari hamda uning moliyaviy strukturasini muhokama qilishdi.
Shuningdek, O‘zbekistonda “yashil texnologiyalarni joriy etayotgan korxonalarni moliyalashtirishning potentsial variantlari, shu jumladan, milliy valyutada ham yordamlar ajratish masalalari yuzasidan fikr almashildi.
Tomonlar hamkorlikni yanada rivojlantirish va “yashil texnologiyalar” sohasidagi tadbirkorlik subyektlarini qo‘llab-quvvatlash borasida belgilangan maqsadlarga erishishga kelishib oldi.
«Tadbirkorlikni rivojlantirish kompaniyasi» AJ
Axborot xizmati