Xizmatlar ipotekasini joriy qilish bo‘yicha amalga oshirilgan ishlar
Davlat rahbarining 2023-yildagi tadbirkorlar bilan muloqoti davomida Kompaniya oldiga Xizmatlar ipotekasi va boshqa bir qancha yangi moliyaviy yordamlarni joriy qilish topshirig‘i berilgandi.
Kompaniya joriy yilning 1-martidan boshlab Xizmatlar ipotekasi Nizomi va uni tadbirkorlarga taqdim etish tartiblarini ishlab chiqdi.
Ta‘kidlash joizki ushbu yordam o‘rta tadbirkorlik subyektlariga taqdim etiladi. Misol uchun, mazkur yordamni kamida 2 yil faoliyat yuritgan va 50 nafar doimiy ishchisi bo‘lgan, ishlab chiqarish va xizmatlar ko‘rsatish sohasida faoliyat yurituvchi o‘rta tadbirkorlar olishi mumkin.
Ushbu xizmatni berishdan oldin o‘rta tadbirkorlik subyektlarining faoliyati ham tahlil qilib chiqildi. Natijada bugungi kunda faoliyat yuritayotgan 8 547 ta o‘rta tadbirkordan 17 foizi, yaʼni 1 436 tasi 2 yil faoliyat yuritayotganligi va 50 nafar ishchisi mavjudligi aniqlandi. Shundan 1096 tasi talablarga to‘liq javob berishi maʼlum bo‘ldi.
Bugungi kunga qadar Xizmatlar ipotekasi uchun ikki marta ochiq tanlov o‘tkazilib, jami 55 nafar tadbirkordan arizalar kelib tushdi. Saralash natijasida 275 mlrd so‘mlik 28 ta loyiha tanlovning keyingi bosqichiga o‘tdi va ularga 184 mlrd so‘m miqdorida to‘g‘ridan-to‘g‘ri yordam taqdim etiladi va hamkorlik asosida ishlar tashkillashtiriladi.
Loyihalar orasida gilam, tekstil, import o‘rnini bosuvchi bolalar gigiyenik vositalari va qurilish materiallari ishlab chiqarish hamda tuxum yetishtirish kabi loyihalar mavjud.
Eʼtiborlisi, ushbu loyihalarning ishga tushirilishi hisobiga 872 ta yangi ish o‘rni yaratiladi.
“Tadbirkorlikni rivojlantirish kompaniyasi” AJ
Axborot xizmati