Tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash davlat jamg‘armasi vakillarining Qozog‘iston Respublikasi “Damu” tadbirkorlikni rivojlantirish jamg‘armasiga tashrifi
23-25 avgust kunlari Qozog‘iston Respublikasining “Damu” tadbirkorlikni rivojlantirish jamg‘armasi (“Damu” jamg‘armasi) tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va moliya vazirligi huzuridagi Tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash davlat jamg‘armasi (Jamg‘arma) vakillari uchun seminar tashkil etildi.
Uchrasuvda Jamg‘armaning Kompensatsiyalar taqdim etish bo‘limi boshlig‘i Burxon Normirzayev, Monitoring va risklarni tahlil qilish bo‘limi boshlig‘i o‘rinbosari Jo‘rabek Xojiyev, Kafillik taqdim etish va yangi xizmatlarni joriy qilish bo‘limi bosh mutaxassisi Bekzod Shamuratov boshchiligidagi vakillari “Damu” jamg‘armasi vakillari – rais o‘rinbosari Murat Bapaev, Dasturiy vositalar departamenti direktori Arsen Mustafin, shuningdek, Subsidiyalash departamenti, Kafolatlar departamenti, Kafolatlar monitoringi departamenti, Islom moliyasi departamenti kabi bir qator rahbarlari bilan uchrashdilar.
Seminar davomida “Damu” jamg‘armasi tomonidan mikro-kichik o‘rta korxonalarni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha kafolatlar, subsidiyalar va imtiyozli moliyalashtirish kabi vositalar haqida ma’lumotlar berildi. Moliyaviy ko‘mak olishni xohlovchi hamkor banklar va tadbirkorlarga qo‘yiladigan talablar, biznes jarayonlarini tartibga solish va moliyaviy vositalarni raqamlashtirish bilan bog‘liq masalalar atroflicha yoritildi.
Bundan tashqari, tomonlar kafolatlar va portfel monitoringi, jumladan, zaxiralarni tasniflash va shakllantirish, kafolat va subsidiya shartnomalari bo‘yicha umidsiz qarzlarni undirish bo‘yicha ishlar, shuningdek, kichik va o‘rta biznesni islomiy moliyalashtirish tamoyillari bo‘yicha bir qator masalalarni muhokama qildilar.
Jamg‘arma vakillari Qozog‘istonda kichik va o‘rta korxonalarni qo‘llab-quvvatlash tajribasi bilan yaqindan tanishish imkoni berilgani uchun rahbariyatga, shuningdek, ma’ruzachilarga o‘z minnatdorchiligini bildirdi va ularga o‘z rejalarini amalga oshirishda muvaffaqiyatlar tiladi.
Tadbirkorlik faoliyatini qo‘llab-quvvatlash davlat jamg‘armasi
Axborot xizmati