/Yangiliklar/Transformatsiya: Jamg‘arma kompaniyaga aylantirilgach nimalar o‘zgardi?
24.06.2024 - 17:34 118

Transformatsiya: Jamg‘arma kompaniyaga aylantirilgach nimalar o‘zgardi?

Transformatsiya: Jamg‘arma kompaniyaga aylantirilgach nimalar o‘zgardi?

O‘zbekiston Prezidentining 2023-yilning 18-avgust kuni tadbirkorlar bilan ochiq muloqotida Tadbirkorlik faoliyatini qo‘llab-quvvatlash davlat jamg‘armasini transformatsiya qilish vazifasi topshirilgan edi.

Shundan kelib chiqib, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 10-noyabrdagi “Kichik va o‘rta biznesni moliyaviy qo‘llab-quvvatlash tizimini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PF-193-son Farmoniga asosan Tadbirkorlik faoliyatini qo‘llab-quvvatlash davlat jamg‘armasi “Tadbirkorlikni rivojlantirish kompaniyasi” aksiyadorlik jamiyati sifatida qayta tashkil etildi.

Bunda, Kompaniya davlatimiz rahbarining bergan ko‘rsatmalariga asosan xalqaro moliya institutlari bilan hamkorlikda Jamg‘armani 16 ta xalqaro standantlarga moslashtirish hamda ilg‘or xorijiy tajriba asosida tashkil qilindi.

Natijada Kompaniyaning asosiy vazifalari qatorida unga bir qancha vakolatlar ham berildi. Misol uchun, jamg‘arma davrida mustaqil yangi xizmatlarni ishlab chiqish imkonsiz edi. Endilikda Kompaniya tadbirkorlarning talab va ehtiyojlaridan kelib chiqib, yangi moliyaviy yordamlarni mustaqil yaratyapti va hayotga tadbiq etmoqda.

Jumladan, ilgari faqat 2 turdagi xizmat ko‘rsatilgan bo‘lsa, transformatsiya amalga oshirilgach, ularning soni 6 tagacha ko‘paydi – Xizmatlar ipotekasi, Kapitalga ulush kiritish, Resurs ajratish hamda Portfel kafilligi yordamlari ham ko‘rsatilmoqda. Investorlar mablag‘lari hisobidan boshqa tashkilotlar ustavida o‘z ulushi bilan kirish hamda kredit tashkilotlariga resurs mablag‘larini taqdim etish imkoniyatini paydo bo‘ldi.

Bundan tashqari, mahalliy va xalqaro kapital bozorlaridan moliyaviy resurslarni, shu jumladan xalqaro moliya institutlari va xorijiy hukumat moliya tashkilotlarining mablag‘larini jalb qilish imkoniyati ham ortdi. Ya’ni, Kompaniyaning xalqaro moliya institutlari va xususiy investorlar uchun jozibadorligi oshdi, to‘g‘ridan-to‘g‘ri yoki aksiyalarni sotish orqali investorlardan kerakli miqdorda pul mablag‘larini jalb qilish mumkin bo‘ldi. Bu esa o‘z navbatida xizmatlar turlari va miqdorlari oshishiga ta’sir qiladi.

Xususan, bugungi kunda xalqaro moliya institutlari bilan qiymati 150 mln AQSh dollarlik turli loyihalarni amalga oshirish bo‘yicha mablag‘lar jalb etish masalalari ko‘rib chiqilmoqda.

Kompaniya kichik va o‘rta tadbirkorlikni rivojlantirish orqali ish o‘rinlari yaratish imkonini beradigan davlat, tarmoq va hududiy dasturlar, loyihalar hamda tadbirlarni amalga oshirishda faolroq va samaraliroq ishtirok etmoqda.

Kichik va o‘rta tadbirkorlik subyektlarining innovatsion faoliyatini qo‘llab-quvvatlash, yangi turdagi mahsulotlar yaratish va ishlab chiqarishni rag‘batlantirish, shuningdek, ishlab chiqarish faoliyatiga samarali yangi texnologiyalarni joriy etishda to‘g‘ridan-to‘g‘ri ko‘maklashishga erishilmoqda.

E’tiborlisi, transformatsiyadan so‘ng o‘zini o‘zi band qiladigan shaxslar faoliyat (ishlar, xizmatlar) turlaridan kelib chiqib ularning loyihalariga ham moliyaviy instrumentlar – Kafillik va Resurs ajratish yordamlarini taqdim etish boshlandi.

Xizmatlar ko‘rsatish, mahsulot ishlab chiqarish va yetishtirish sohasida “yashil” va energiya tejovchi texnologiyalar hamda qayta tiklanuvchi energiya manbalarini joriy etishga esa davlat siyosati darajasida e’tibor qaratilmoqda.

Tahlillarga eʼtibor bersak, davlat rahbari ishtirokida ochiq muloqot 2023-yilning 18-avgustida o‘tkazilgan bo‘lsa, shu kundan to hozirgacha jami 797 ta tadbirkorning 817 mlrd 881 mln so‘mlik loyihalariga 232 mlrd 121 mln so‘mlik yordamlar taqdim etildi. Buning natijasida jami 6 578 ta yangi ish o‘rni yaratishga erishiladi.

 

«Tadbirkorlikni rivojlantirish kompaniyasi» AJ
Axborot xizmati