Kengash nizomi

“TASDIQLANGAN”

“Tadbirkorlikni rivojlantirish kompaniyasi” AJ

direktori A.Maxamatovning

2024-yil “___” ________ dagi

_______-son buyrug‘iga

2 – ilova

 

 

TADBIRKORLIKNI RIVOJLANTIRISH KOMPANIYASI” AKSIYADORLIK JAMIYATI HUZURIDAGI

JAMOATCHILIK KENGASHI TO‘G‘RISIDAGI NIZOM

 

1-bob. Umumiy qoidalar

1.1. Mazkur “Tadbirkorlikni rivojlantirish kompaniyasi” aksiyadorlik jamiyati huzuridagi Jamoatchilik kengashi to‘g‘risidagi nizom” (keyingi o‘rinlarda – Nizom) O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018-yil 4-iyuldagi “Davlat organlari huzurida jamoatchilik kengashlari faoliyatini tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida” PQ-3837-son Qarori, 2022-yil 14-iyundagi “Davlat organlari va tashkilotlari faoliyatining ochiqlik darajasini oshirish va baholash tizimini joriy etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PF-154-son hamda 2022-yil 28-yanvardagi “2022-2026-yillarga mo‘ljallangan Yangi O‘zbekistonning taraqqiyot strategiyasi to‘g‘risida”gi PF-60-son Farmonlari ijrosini taʼminlash maqsadida ishlab chiqilgan.

1.2. Mazkur Nizom “Tadbirkorlikni rivojlantirish kompaniyasi” aksiyadorlik jamiyati (keyingi o‘rinda – Kompaniya) huzuridagi Jamoatchilik kengashining (keyingi o‘rinda – Jamoatchilik kengashi) asosiy vazifalari, funksiyalari, vakolatlarini va faoliyatini tashkil etish tartibini belgilaydi.

1.3. Jamoatchilik kengashi o‘z ishini jamoatchilik asosida olib boradigan, doimiy faoliyat yurituvchi maslahat-kengashi organi hisoblanadi.

1.4. Jamoatchilik kengashi Kompaniya huzurida tashkil etiladi.

1.5. Jamoatchilik kengashi Kompaniya direktorining buyrug‘i bilan tashkil etiladi.

1.6. Jamoatchilik kengashining qarorlari tavsiyaviy xarakterga ega.

1.7. Jamoatchilik kengashi o‘z faoliyatida O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasi va Qonunlariga, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining Qarorlariga, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Farmonlari, Qarorlari va Farmoyishlariga, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining Qarorlari va Farmoyishlariga, Kompaniya direktorining buyruqlariga va boshqa qonunchilik hujjatlariga hamda mazkur Nizomga amal qiladi.

2- bobJamoatchilik kengashining asosiy vazifalari, funksiyalari, huquqlari va majburiyatlari

 2.1. Quyidagilar Jamoatchilik kengashining asosiy vazifalari hisoblanadi:

Jismoniy va yuridik shaxslarning huquqlari va qonuniy manfaatlari hamda jamiyat manfaatlarini himoya qilish sohasida qonunchilik hujjatlari talablari ijrosini taʼminlash maqsadida Kompaniya va uning tarkibiy bo‘limlari mansabdor shaxslarining faoliyati ustidan jamoatchilik nazoratini amalga oshirish;

Kompaniyaning nodavlat notijorat tashkilotlari, tadbirkorlik subyektlari va ularning uyushmalari, ommaviy axborot vositalari va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlari bilan Kompaniyaning samarali hamkorligini taʼminlash;

tadbirkorlik subyektlarining, fuqarolarning erkinliklari va qonuniy manfaatlariga dahl qiluvchi eng muhim masalalar yuzasidan Kompaniya faoliyati haqidagi jamoatchilik fikrini tizimli monitoringini yuritish va har tomonlama tahlil qilish, ijtimoiy so‘rovlar, shu jumladan ularni axborot-kommunikatsiya texnologiyalaridan foydalangan holda o‘tkazish;

korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha olib borilgan ishlar ustidan monitoring va tahlil o‘tkazish, shuningdek, ularning natijalari bo‘yicha takliflar tayyorlash;

Kompaniya va uning hududiy vakillari (filiallari) faoliyati ochiqligini taʼminlash bo‘yicha amalga oshirilayotgan tadbirlarni monitoring qilish, uning faoliyati to‘g‘risida batafsil axborot olish imkoniyatlarini tahlil qilish, ularni yana-da kengaytirish bo‘yicha takliflar ishlab chiqish;

Kompaniyaning rasmiy veb-saytida jamoatchilik kengashi faoliyati bilan bog‘liq ochiq eʼlon qilinishi lozim bo‘lgan maʼlumotlarni joylashtirib borish hamda ularning har chorakda yangilanib borilishini taʼminlash;

Kompaniyaning faoliyatini isloh qilishda fuqarolar ishtirok etishi uchun yaratilgan shart-sharoitlarni o‘rganish va ularni yaxshilash bo‘yicha takliflar ishlab chiqish;

2.2. Jamoatchilik kengashi funksiyalari:

Kompaniyaning faoliyatiga doir masalalar yuzasidan tadbirkorlik subyektlari, fuqarolar, nodavlat notijorat tashkilotlari va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlari tashabbuslari hamda murojaatlarini ko‘rib chiqishda ishtirok etadi, shuningdek, ularni ko‘rib chiqish natijalari bo‘yicha Kompaniya rahbariyatiga tegishli takliflar kiritadi;

Kompaniyaning fuqarolar, nodavlat-notijorat tashkilotlari va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlari bilan o‘zaro hamkorligini yana-da takomillashtirish yuzasidan takliflar ishlab chiqadi;

Kompaniya faoliyatiga bag‘ishlangan ilmiy-nazariy va ilmiy-amaliy konferensiyalar, seminarlar, davra suhbatlarini tashkil etishda ishtirok etadi;

Kompaniya faoliyatini ommaviy axborot vositalarida yoritish bo‘yicha bajarilayotgan ishlarning natijalarini tahlil qiladi, ularning samaradorligini oshirish va mavjud kamchiliklarni bartaraf etish yuzasidan takliflar ishlab chiqadi.

 2.3. Jamoatchilik kengashi huquqlari:

Kuzatuv kengashi hamda Ijroiya organi yig‘ilishlari va boshqa ommaviy tadbirlar to‘g‘risidagi axborotni oldindan olish hamda mazkur tadbirlarda ishtirok etish;

Kompaniyaning binolari (xonalari) va boshqa obyektlarini belgilangan tartibda borib ko‘rish;

Kompaniya rahbarlariga Jamoatchilik kengashi vakolatiga kiradigan masalalar yuzasidan takliflar kiritish;

Kompaniya faoliyati samaradorligini oshirish bo‘yicha takliflar va tavsiyalarni ishlab chiqish hamda amalga oshirish uchun zarur bo‘lgan Kompaniyaning axborotlari, statistika va boshqa materiallarini belgilangan tartibda olish;

Kompaniyaning faoliyatida, Kompaniya tomonidan ishlab chiqilgan ichki hujjatlar, xizmatlar, dasturlar loyihalarining jamoatchilik va ekspertlar muhokamasini taʼminlashda ishtirok etish;

Jamoatchilik kengashi majlislarida muhokama qilinadigan masalalarni yoritish bo‘yicha ommaviy axborot vositalari bilan hamkorlik qilish;

yuklatilgan vazifalarni bajarish uchun konferensiyalar, forumlar, seminarlar, davra suhbatlari va boshqa tadbirlarni tashkil etish huquqiga ega.

Jamoatchilik kengashi qonunchilik hujjatlariga muvofiq boshqa huquqlarga ham ega bo‘lishi mumkin.

2.4. Jamoatchilik kengashining majburiyatlari:

Qonunchilik hujjatlari talablariga rioya qilishi;

Kompaniya faoliyati bilan bog‘liq qonunchilik hujjatlarida belgilangan cheklovlarga amal qilishi;

Kompaniya va uning mansabdor shaxslarining o‘z vakolatlari doirasida amalga oshiradigan faoliyatiga to‘sqinlik qilmasligi va aralashmasligi;

fuqarolarning or-nomusi va qadr-qimmatini tahqirlashga, ularning shaxsiy hayotiga aralashishga yo‘l qo‘ymasligi;

jamoatchilik nazoratini amalga oshirish davomida olingan axborotning, agar bunday axborotni tarqatish qonunchilik bilan cheklangan bo‘lsa, maxfiyligiga rioya qilishi shart;

Jamoatchilik kengashining zimmasida qonunchilik hujjatlariga muvofiq boshqa majburiyatlar ham bo‘lishi mumkin.

3-bob. Jamoatchilik kengashining tarkibini shakllantirish va ishini tashkil etish tartibi

3.1. Jamoatchilik kengashining tarkibiga uning raisi, rais o‘rinbosari, kotibi va aʼzolari kiradi.

3.2. Jamoatchilik kengashi aʼzoligiga, qoida tariqasida, Kompaniyada namunali xizmat ko‘rsatgan mehnat faxriylari, jamoatchilik faoliyati sohalarida katta amaliy tajribaga ega obro‘-eʼtiborli tadbirkorlar, fuqarolar, shuningdek, nodavlat notijorat tashkilotlari, ommaviy axborot vositalari va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlari vakillari qabul qilinadi.

3.3.Jamoatchilik kengashi aʼzolarining soni cheklanmagan.

3.4. Jamoatchilik kengashining tarkibi Kompaniya direktorining buyrug‘i bilan har 3 yilda tasdiqlanadi.

3.5. Quyidagi holatlarda Jamoatchilik kengashining raisi, rais o‘rinbosari, kotibi va aʼzolari uning tarkibidan chiqarilishi mumkin:

ular tomonidan Jamoatchilik kengashi tarkibidan chiqish to‘g‘risida ariza berilganda;

Jamoatchilik kengashining majlislarida muntazam ravishda ishtirok etmaganda, mazkur Nizomning 2-bandida nazarda tutilgan majburiyatlarni bajarmaganda;

ularga nisbatan chiqarilgan sudning ayblov hukmi qonuniy kuchga kirganda;

vafot etganda, shuningdek, sudning qonuniy kuchga kirgan hal qiluv qarori asosida ular muomalaga layoqatsiz, bedarak yo‘qolgan yoki vafot etgan deb topilganda.

3.6. Jamoatchilik kengashining tasdiqlangan aʼzolari haqidagi maʼlumotlar, shuningdek, ularning aloqa maʼlumotlari (telefon, pochta va elektron manzillari) va ularga kiritilgan o‘zgaritishlar ular tasdiqlangan paytdan boshlab 5 kun ichida Kompaniyaning rasmiy veb-saytida eʼlon qilinishi shart.

3.7. Jamoatchilik kengashining raisi:

Jamoatchilik kengashining faoliyatiga umumiy rahbarlik qiladi;

Jamoatchilik kengashining majlislarini chaqiradi va kun tartibini belgilaydi;

Jamoatchilik kengashining majlislarida raislik qiladi;

Jamoatchilik kengashining ish rejasini, majlisi bayonnomasini va boshqa hujjatlarini tasdiqlaydi;

Jamoatchilik kengashi qarorlarining ijrosini nazorat qiladi va aʼzolar zimmasiga yuklatilgan vazifalarni bajarilishini muvofiqlashtiradi;

Kompaniyaning rasmiy veb-saytida va boshqa resurslarda joylashtiriladigan Jamoatchilik kengashining faoliyati to‘g‘risidagi maʼlumotlar tarkibi bo‘yicha takliflar kiritadi va uni Kompaniya direktori bilan kelishadi;

Jamoatchilik kengashi qarorlarini bajarish masalalari yuzasidan Kompaniya direktori bilan hamkorlik qiladi;

Jamoatchilik kengashining samarali ishini taʼminlash bo‘yicha boshqa vakolatlarni amalga oshiradi.

3.8. Jamoatchilik kengashi raisining o‘rinbosari:

Rais yo‘qligida jamoatchilik kengashining majlislarida raislik qiladi;

Jamoatchilik kengashi qarorlarining ijrosini nazorat qilish bo‘yicha ishlarni tashkil etadi;

fuqarolarni va yuridik shaxslarning vakillarini qabul qiladi, shuningdek, Jamoatchilik kengashi faoliyatiga taalluqli murojaatlarni ko‘rib chiqish bo‘yicha ishlarni tashkil etadi;

Jamoatchilik kengashining ishlarining samaradorligini taʼminlash bo‘yicha boshqa vakolatlarni amalga oshiradi.

3.9. Jamoatchilik kengashining kotibi:

Jamoatchilik kengashining faoliyatini uslubiy, tashkiliy-huquqiy va tashkiliy-texnik jihatdan taʼminlash masalalarini hal qiladi;

Jamoatchilik kengashining navbatdagi majlisiga barcha zarur materiallar o‘z vaqtida tayyorlanishini taʼminlaydi, Kompaniya, uning hududiy bo‘limlari va tasarrufidagi tashkilotlarining xodimlaridan zarur hujjatlar va maʼlumotlarni so‘rab oladi;

kun tartibiga muvofiq Jamoatchilik kengashi majlislari o‘tkazilishini tashkil etadi;

Jamoatchilik kengashi o‘tkaziladigan sana, joy va taklif etiladigan shaxslar ro‘yxatini kengash raisi bilan kelishadi;

Jamoatchilik kengashining aʼzolari va taklif etilgan shaxslarni majlis o‘tkaziladigan joy, sana va vaqt haqida xabardor qiladi;

Jamoatchilik kengashi qarorlarining ijro etilishi ustidan monitoring olib boradi va uning natijalarini jamoatchilik kengashi majlisida ko‘rib chiqish bo‘yicha takliflar kiritadi;

Jamoatchilik kengashi majlisining bayonnomasini rasmiylashtiradi va tasdiqlangan bayonnomaning jamoatchilik kengashi aʼzolari hamda boshqa manfaatdor shaxslarga jo‘natilishini taʼminlaydi;

Jamoatchilik kengashining samarali ishlashini taʼminlash bo‘yicha boshqa vakolatlarni amalga oshiradi.

3.10. Jamoatchilik kengashining aʼzolari o‘z majlislarida ko‘rib chiqiladigan masalalarni muhokama qilish va hal qilishda o‘z vakolatini boshqalarga o‘tkazish huquqiga ega emas.

3.11. Jamoatchilik kengashining majlisida ishtirok etish imkoni bo‘lmagan holatlarda, uning aʼzosi majlis kun tartibidagi masalalar bo‘yicha o‘z fikrini yozma shaklda yuborishi mumkin. Bunda uning fikri majlisda ko‘rib chiqiladi va ovoz berishda hisobga olinadi.

3.12. Jamoatchilik kengashining aʼzolari:

o‘z zimmalariga yuklatilgan vazifalarni bajarish uchun “Tadbirkorlikni rivojlantirish kompaniyasi” AJ tomonidan tashkil etiladigan yig‘ilishlar va boshqa ommaviy tadbirlarda ishtirok etadi;

Jamoatchilik kengashi ish rejalarining loyihalarini tayyorlaydi, ularni jamoatchilik kengashida ko‘rib chiqish uchun kiritadi va tasdiqlangan ish rejalari bajarilishini taʼminlaydi;

Kompaniya faoliyatining samaradorligini oshirish bo‘yicha takliflar va tavsiyalarni ishlab chiqishda hamda amalga oshirishda qatnashadi;

Kompaniya xodimlari, ularning oila aʼzolari bilan uchrashuvlar o‘tkazadi va ularning huquqlari, erkinliklari hamda qonuniy manfaatlarini taʼminlash bo‘yicha takliflarni Jamoatchilik kengashiga kiritadi;

Jamoatchilik kengashining kun tartibiga kiritilgan masalalar yuzasidan tahliliy materiallar tayyorlaydi;

Jamoatchilik kengashining vakolatiga kiradigan masalalar bilan bog‘liq murojaatlarni ko‘rib chiqadi va natijalari bo‘yicha tegishli hujjatlarni tayyorlaydi;

Jamoatchilik kengashining zimmasiga yuklangan vazifalar va funksiyalarga muvofiq boshqa vakolatlarni amalga oshiradi.

3.13. Jamoatchilik kengashi faoliyatining asosiy masalalari uning majlisida ko‘rib chiqiladi. Jamoatchilik kengashining majlisi uning ish rejalari asosida har yarim yilda kamida bir marta chaqiriladi.

3.14. Jamoatchilik kengashining raisi kengash aʼzolarining uchdan bir qismining yozma murojaati asosida uning navbatdan tashqari majlisini chaqirishi mumkin.

3.15. Jamoatchilik kengashining yig‘ilishlari va kun tartibidagi masalalar Kompaniyaning rasmiy veb-saytida eʼlon qilinishi shart.

3.16. Jamoatchilik kengashining majlislariga boshqa davlat organlari, nodavlat notijorat tashkilotlari va fuqarolik jamiyati institutlarining vakillari taklif etilishi mumkin.

3.17. Jamoatchilik kengashi majlisi kun tartibining loyihasi kotib tomonidan kengash aʼzolarining takliflari va raisining topshirig‘i asosida shakllantiriladi.

3.18. Jamoatchilik kengashining majlisini uning raisi olib boradi. Rais ishtirok eta olmagan holatlarda, majlisni uning o‘rinbosari olib boradi.

3.19. Jamoatchilik kengashining majlisida Kompaniya direktori, uning o‘rinbosarlari va boshqa masʼul xodimlari ishtirok etishi mumkin.

3.20. Jamoatchilik kengashining majlisi, agar unda kengash aʼzolarining kamida uchdan ikki qismi (kvorum) ishtirok etgan taqdirda vakolatli hisoblanadi.

3.21. Majlisni o‘tkazish uchun kvorum shakllanmagan taqdirda, jamoatchilik kengashining yangi majlisi o‘tkaziladigan sana eʼlon qilinadi.

3.22. Jamoatchilik kengashining qarori majlisda ishtirok etayotgan jamoatchilik kengashi aʼzolarining oddiy ko‘pchilik ovozi bilan qabul qilinadi.

3.23. Jamoatchilik kengashining har bir aʼzosi qabul qilinayotgan qarorlar bo‘yicha o‘zining fikrini yozma shaklda ifodalashga haqli. Uning fikri kengash majlisining bayonnomasiga majburiy tartibda qo‘shib qo‘yiladi.

3.24. Jamoatchilik kengashining majlisida qabul qilingan qaror bayonnoma bilan rasmiylashtiriladi. Jamoatchilik kengashi majlisining bayonnomasi kotib tomonidan imzolanadi, majlisga raislik qiluvchi tomonidan tasdiqlanadi va uch ish kun muddatda Kompaniya rahbariyatiga, kengash aʼzolari va manfaatdor shaxslarga taqdim etiladi.

3.25. Jamoatchilik kengashining qarorini tezlik bilan qabul qilish zaruriyati tug‘ilganda, uning raisi tashabbusi bilan qaror kengashning aʼzolari bilan kelishilgan holda so‘rov yo‘li bilan qabul qilinishi mumkin.

3.26. Kompaniya Jamoatchilik kengashining qabul qilgan qaroriga qo‘shilmagan hollarda, kengash qarorini olgan kundan boshlab o‘n ish kunidan kechiktirmasdan asoslantirilgan eʼtirozini yozma shaklda taqdim qiladi.

4-bob. Yakuniy qoidalar

 4.1. Jamoatchilik kengashining faoliyatini moddiy-texnik jihatdan taʼminlash Kompaniya tomonidan, shuningdek, qonunchilik hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa manbalar hisobidan amalga oshiriladi.

4.2. Jamoatchilik kengashining faoliyati uning nizomiga va O‘zbekiston Respublikasining qonunchilik hujjatlariga muvofiq ekanligi Kompaniya tomonidan nazorat qilinadi.

4.3. Jamoatchilik kengashining va Kompaniya direktorining jamoatchilik kengashi faoliyati bilan bog‘liq qarorlari ustidan belgilangan tartibda shikoyat qilinishi mumkin.

4.4. Jamoatchilik kengashi to‘g‘risidagi nizom va unga kiritiladigan o‘zgartishlar hamda qo‘shimchalar Kompaniya direktorining buyrug‘i bilan tasdiqlanadi.

4.5. Mazkur Nizom Kompaniya direktori buyrug‘i bilan tasdiqlagan kun (7.11.2024)dan eʼtiboran kuchga kiradi.